Abdurahmon Jomiy

1163

Ulug‘ fors-tojik shoiri va mutafakkiri Abdurahmon Jomiy 1414 yil 7 noyabrda Xurosonning Jom shahrida shayxulislom – Nizomiddin Ahmad oilasida tug‘ilgan. Jomiy go‘dakligida uning oilasi Hirotga ko‘chib boradi.
Shoir dastlab maktabda, keyin Hirotdagi Dilkash va Samarqanddagi Ulug‘bek madrasalarida ta’lim oladi. Mavlono Junayd qo‘lida, keyinroq Shahobiddin Muhammad Jojarmiy va Aloiddin Ali Samarqandiylardan ta’lim olgan.

Abdurahmon Jomiy Samarqandga kelib Qozizoda Rumiy darslariga qatnashgan. U til, adabiyot, falsafa, matematika, astronomiya, huquq va boshqa fanlar bilan shug‘ullangan. Din va tasavvufni sinchkovlik bilan o‘rgangan. Jomiy Shayx Sa’diddin Koshg‘ariydan tasavvuf bo‘yicha ta’lim olgan. Abdurahmon Jomiy 1492 yil 8 noyabrda Hirotda vafot etgan.
A. Jomiy Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonining muqaddimasida filga qiyoslab madh etilgan.
Asarlari: «Xaft avrang» («Yetti taxt», dastlab «Xamsa». Unga «Silsilat uz-zahab» («Oltin zanjir», 1472), «Salomon va Absol» (1480-81), «Tuhfat ul-ahror» («Hur kishilarning tuhfasi», 1481-82), «Sabhat ul-abror» («Yaxshi kishilarning tasbihi», 1482-83), «Yusuf va Zulayho» (1483), «Layli va Majnun» (1483), «Xiradnomai Iskandariy (1485) kabi dostonlar kirgan), «Bahoriston» (o‘g‘li Ziyovuddin Yusuf uchun yozgan), «Aruz haqida risola», «Arab tili darsligi», «Ruboiy sharhi», «Munshaot», «Qofiya haqida risola», «Naqshi fusus» («Javohirlar naqshi»), «Lujjat ul-asror» (qasida), «Nafohatul-uns («Do‘stlik tarovati») va boshq.